Markaziy saylov komissiyasi Shavkat Mirziyoyevni prezident saylovi g‘olibi deb e’lon qildi. U ikkinchi muddatga qayta saylandi va deyarli 13 mln ovoz (80,12%) to‘pladi. Ikkinchi o‘rinni esa 6,63% ovoz bilan Maqsuda Vorisova egalladi.
XDPdan nomzod Maqsuda Vorisova Shavkat Mirziyoyevni prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgani bilan tabrikladi. U «saylov natijalarini to‘la-to‘kis tan olishini» aytdi. «Shavkat Mirziyoyev tomonidan ishlab chiqilib, e’lon qilingan „Yangi O‘zbekiston Strategiyasi“ xalqimizning qalbidan chuqur o‘rin egalladi», — deya qo‘shimcha qildi Maqsuda Vorisova.
Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maqsuda Vorisova prezidentlik saylovlarida o‘z ovozini berdi.
O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev namanganlik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida har kuni raqiblardan ham ko‘p narsa o‘rganishi kerakligini aytib o‘tdi. U boshqa nomzodlarning hayotni bilmasligini, bu bilan ularni yomonlash niyati yo‘qligini ta’kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tgan saylovoldi yig‘ilishida O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi maktab o‘quvchilari uchun ham bepul ovqatlanish tizimini joriy etishga va’da berdi. “Biz buni autsorsing tizimida, korrupsiyadan xoli tashkil etishni ishlab chiqamiz”, — dedi u.
O‘zLiDePning prezidentlikka nomzodi Shavkat Mirziyoyev Xorazmda ham 1−4 cinf o‘quvchilariga bepul tushlik berish joriy etilishini ma’lum qildi. XDPning prezidentlikka nomzodi Maqsuda Vorisova boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul nonushtalar tashkil etilishi haqida aytdi.
Markaziy saylov komissiyasi XDPdan Maqsuda Vorisova, «Adolat»dan Bahrom Abduhalimov va O‘zLiDePdan Shavkat Mirziyoyevni prezidentlikka nomzodlar sifatida ro‘yxatga oldi.
Xalq demokratik partiyasi nomzodi Maqsuda Vorisova saylovoldi dasturini e’lon qildi. Prezidentlikka nomzod pensiya tayinlash tizimini isloh qilish, qimmatbaho mulklarga «hashamat solig‘i»ni joriy etish, shifokorlarning ish haqini 3 barobarga oshirish, 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarni bepul 100 foiz maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish, xususiy shifoxonalarda 25% bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish kabi takliflarni ilgari surdi. Nomzodning to‘liq dasturi.
Prezidentlik saylovlariga XDPdan nomzod Maqsuda Vorisova amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev «juda katta inqilobiy o‘zgarishlarni amalga oshirganini» ta’kidladi. U asosan prezident qabul qilgan «juda to‘g‘ri qarorlarning» ijrosi ta’minlanmasligini tanqid qilishini qayd etdi. «Asosiy e’tirozimiz ijro organlariga», — dedi u.
Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova barcha kommunal xizmatlar uchun aholi va ta’minotchi o‘rtasida tuziladigan shartnomalar qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidladi. «Elektr ta’minoti uchun to‘lovni 5 kunga kechiktirgan fuqaro jarima to‘laydi yoki ta’minotdan uzib qo‘yiladi. Lekin hech qanday ogohlantirishsiz elektr ta’minoti to‘xtatilsa yoki kuchlanish ortib ketgani sababli xonadonlardagi elektr asboblar ishdan chiqsa, ta’minotchiga chora ko‘rishning imkoni yo‘q», — dedi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting